AsosiyDunyo

AQShning 25 ta shtati Trump ma'muriyatiga qarshi sudga murojaat qildi

Ular millionlab amerikaliklarga oziq-ovqat yordamini davom ettirish uchun dastur moliyalashtirilishini tiklashni talab qilgan.

'AQShning 25 ta shtati Trump ma'muriyatiga qarshi sudga murojaat qildi'ning rasmi

Kecha, 28 oktyabr kuni Demokrat gubernatorlar va AQShning 25 ta shtati bosh prokurorlari mamlakat Prezidenti Donald Trump ma'muriyatiga qarshi sudga murojaat qilgan. Ular millionlab amerikaliklarga oziq-ovqat yordamini davom ettirish uchun favqulodda mablag'lardan foydalanish yo'li bilan dastur moliyalashtirilishini tiklashni talab qilgan. Bu haqda "Politico" xabar berdi.

Qayd etilishicha, bir nechta shtatlar hukumatlari va Kolumbiya okrugi ma'muriyati AQSh Qishloq xo'jaligi vazirligiga qarshi da'vo arizasini kiritganini e'lon qilgan. Federal hukumat faoliyatining vaqtincha to'xtatilishi ("shatdaun") davrida qo'shimcha oziq-ovqat yordam dasturi (SNAP) to'lovlarini noqonuniy to'xtatib qo'ygan.

Massachusets shtatining federal sudiga topshirilgan da'voda tomonlar ma'muriyatning shtatlarning to'lovlarini to'xtatishga majbur qiluvchi oldingi ko'rsatmalarini bekor qilishni va Qishloq xo'jaligi vazirligida mavjud barcha resurslardan foydalanib, joriy yilning noyabr oyida SNAP dasturini moliyalashtirishni davom ettirishga majburlashni talab qilmoqda.

"Ko'plab amerikaliklar och qolish xavfi ostida, chunki federal hukumat qonun bo'yicha berilishi kerak bo'lgan oziq-ovqat yordamiga mablag' ajratishni to'xtatdi", deydi Nyu-York shtatining Bosh prokurori Letitsiya Jeyms.

Amerika OAV ma'lumotlariga ko'ra, SNAP mamlakatdagi ochlikka qarshi kurashuvchi eng yirik dastur bo'lib, u deyarli 42 million kishini, ya'ni AQSh aholisining 12 foizdan ortig'ini qamrab oladi. To'lov oluvchilarning aksariyati federal kambag'allik chegarasida yoki undan past darajada yashaydi.

    Boshqa yangiliklar