Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi 11-sonli umumta’lim maktabida o‘qituvchi tomonidan o‘quvchiga nisbatan qo‘pol jismoniy harakatlar sodir etilgan holatlar aks etgan videoxabar tarqaldi. Holat bo‘yicha viloyat Maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, holat joriy yilning may oyida 11-sonli umumta’lim maktabining jismoniy tarbiya o‘qituvchi A.L. tomonidan sodir etilgan. U bunday qo‘pollikni o‘zi rahbarlik qilayotgan 9-sinf o‘quvchilariga nisbatan amalga oshirgan. O‘quvchilarning o‘zlashtirishi, darslarda ishtiroki past ekanini ro‘kach qilinib, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan so‘zlar bilan o‘quvchilarni haqorat qilgan va ularning sha’ni, qadr qimmatini topqab, kaltaklagan.
Holatni o‘rganish maqsadida tuzilgan mas’ullardan iborat ishchi guruh o‘qituvchining xatti-harakatlarini noqonuniy va pedagogik tarbiya me’yorlariga to‘g‘ri kelmasligini asoslab bergan. Bundan tashqari holat shu kungacha maktabning ma’naviy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari tomonidan o‘rganilmaganligi, o‘qituvchini tartibga chaqirmaganligi ham aniqlangan.
Ayni vaqtda maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Maktab direktori o‘rinbosariga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llangan. Vaziyat huquq tartibot organlari tomonidan nazoratga olingan. O‘rganish ishlari olib borilmogda.






