"Veolia Energy Tashkent" kompaniyasi aholidan kelib tushayotgan bu kabi murojaatlarni diqqat bilan o‘rganib, issiqlik tarmoqlari hamda turar joy binolaridagi issiqlik bo‘ginlarini tekshirayotganini ma’lum qildi. Ayniqsa, issiq suv rangi o‘zgargan hududlarda maxsus tahllil ishlari olib borilmogda.
Ma’lum qilinishicha, isitish mavsumi boshlanishidan oldin issiqlik tarmoqlari tayyorgarlik holatiga o‘tkaziladi. Bu jarayonda suv quvurlar bo‘ylab aylana boshlaydi, tizim sinovdan o‘tkaziladi va quvurlar teng darajada qizishi ta’minlanadi. Shu davrda ayrim tumanlarda issiq suvda jigarrang yoki "zang"ga o‘xshash tus kuzatilishi mumkin.
Yozgi mavsumda esa tizim faqat bitta asosiy quvur orqali ishlaydi, ikkinchi liniya esa rejali ta’mirga yopiladi. Ta’mirdan so‘ng quvurlar qayta to‘ldirilganda suvning metal devorlar bilan tabiiy o‘zaro ta’siri natijasida yupqa zang qatlami hosil bo‘ladi. Aylanma harakat tiklangach, u suvga jigarrang tus berishi mumkin. Bu hodisa vaqtinchalik bo‘lib, tizim parametrlari barqarorlashgach, suv rangi me’yoriga keladi.
Tekshiruvlar davomida ayrim uylarda issiq suv noto‘g‘ri — qaytish quvuri orqali uzatilayotgani aniqlangan. Bu holat suv haroratining pasayishiga va suvning quvurlarda to‘xtab qolishiga sabab bo‘lib, zangga o‘xshash rang paydo bo‘lishiga olib keladi.
Kompaniya xodimlari boshqaruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda mazkur sxemalarni to‘g‘rilash va suv tiniqlanguncha texnologik tozalash ishlarini amalga oshirmogda.
Murojaat uchun:
Agar siz issiq suv rangi o‘zgarishini kuzatgan bo‘lsangiz, quyidagi raqamlar orqali kompaniyaga murojaat qilishingiz mumkin: 1347 yoki (71) 200-00-56 (ish kunlari).
Shuningdek, dam olish kunlari «Veolia Energy Tashkent»ning tuman boshqarmalari bilan bog‘lanish imkoni mavjud (telefon raqamlari kompaniya rasmiy manbasida keltirilgan).
Barcha murojaatlar qayd etiladi va manzillarda tekshiruv o‘tkaziladi. Agar suv sifatidagi muammo tashqi tarmoqlar faoliyati bilan bog‘liqligi tasdiqlansa, fuqarolarning to‘lovlari belgilangan tartibda qayta hisoblanadi.
Qayta hisoblash uchun asos — iste’molchi va kompaniya vakili tomonidan tuzilgan dalolatnoma bo‘lib, unda aniqlangan muammo va uning davomiyligi qayd etiladi. Dalolatnoma imzolanganidan so‘ng mahalliy boshqarmaga topshiriladi va shu asosda qayta hisob-kitob amalga oshiriladi.






