Samarqand shahrida bir oilaning 7 aʼzosi halok boʻlgan portlash boʻyicha jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahri sudida koʻrib chiqildi.
Bu haqda "Zamon" dasturida maʼlum qilindi.
Xabarga koʻra, 2024 yil sentyabr-oktyabr oylarida Spitamen shohkoʻchasida va 160-uy atrofidagi xonadonlarni gazlashtirish ishlari loyiha va texnik shartlarsiz amalga oshirilgan. Yollanma ustalar yordamida noqonuniy tarzda avtomobil yoʻli ostiga gaz quvuri yotqizilgan. Laboratoriya xulosasi va xavfsizlik qoplamasiz yer ostiga tushirilgan quvur noqonuniy tarmoqqa ulanganligi aniqlandi.
Quvur tegishli xulosalarsiz va xavfsizlik qoplamasisiz yer ostiga tushirilgani hamda tarmoqqa noqonuniy ulanganligi aniqlandi. Quvurda 7 ta teshik paydo boʻlib, tabiiy gaz markaziy oqova qudugʻiga sizib chiqqan. Oqibatda portlash sodir boʻlgan.
Portlash sodir boʻlgunga qadar xonadon egalari gaz hididan bezovta boʻlib, gaz idorasiga 11 marta murojaat qilgan. Biroq tashkilot masʼullari bunga eʼtiborsiz qarashgan.
Sudlanuvchi boʻlgan "Hududgaz Samarqand" gaz taʼminoti filiali Samarqand shahri boʻlimi rahbari va 3 nafar xodimi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi "a, b" bandlarida (Kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odamlar oʻlimiga va boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi.
Ularga 3 yil davlat ishtirokidagi korxonalar va tashkilotlarda mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, portlashdan zarar koʻrgan fuqarolar foydasiga gaz taʼminoti korxonasidan qariyb 6 mlrd soʻm undirish belgilangan.