Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan joriy yilning sentyabr oyida oʻtkazilgan yigʻilishda 43 ta masala koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Qoʻmita tomonidan 28 ta masala roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida koʻrib chiqildi. Bu haqda UzA yozmoqda.
Shuningdek, 15 ta masala kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga bagʻishlandi. Ular orasida, Markaziy bank koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlar talablariga rioya etilishi, bank va mikromoliya tashkilotlarida oʻtkazilgan inspektsiya natijalari, bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish, shuningdek, jinoyiy daromadlarni legalashtirish, terrorizm va omaviy qirgʻin qurollarni moliyalashtirishga qarshi kurashishga oid masalalar muhokama qilindi.
Prudensial talablarga rioya etmagani va qonunchilikda belgilangan qoidalarga amal qilmagani sababli 7 ta bank va 13 ta toʻlov tashkiloti kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha ogohlantirildi.
Bundan tashqari, 8 ta bankka nisbatan jinoyiy daromadlarni legalashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalarini buzgani hamda bank xizmatlarini koʻrsatish jarayonidagi qonunbuzarliklar uchun jarima sanktsiyalari qoʻllandi.
Bunga oʻtkazilgan inspektsiya tekshiruvlari davomida va ichki nazorat qoidalariga rioya qilinishida aniqlandigan qoidabuzarliklar, shuningdek, bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirish yoʻnalishida qonunchilik talablariga rioya qilinmagani sabab boʻlgan.
Xabarda mazkur banklar nomi keltirilmagan.