Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 17 oktyabr kuni Oq uyda AQSh prezidenti Donald Trump bilan uchrashishini ma'lum qildi. Bu Trumpning Zelenskiy bilan Vashingtonda yil boshidan buyon uchinchi uchrashuvi bo'ladi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda havo hujumidan mudofaa va Ukrainaning uzoq masofali zarbalar berish imkoniyatlari muhokama qilinadi.
Shuningdek, u Amerika mudofaa va energetika kompaniyalari vakillari hamda AQSh Kongressi a'zolari bilan uchrashishini qo‘shimcha qildi.
Axios portali manbalarga tayanib yozishicha, Trump va Zelenskiy muzokaralarining mavzularidan biri Kiyevga Tomahawk qanotli raketalarini topshirish bo‘lishi mumkin. "Telefon orqali muhokama qilish mumkin bo‘lmagan ayrim masalalar bor", — dedi nashr suhbatdoshlaridan biri.
O‘tgan yakshanba kuni Trump jurnalistlarga Zelenskiy bilan dam olish kunlari bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida AQSh Ukrainaga Tomahawk raketalari va Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berish imkoniyatini muhokama qilganini aytgandi.
Trumpning ta'kidlashicha, u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Tomahawk raketalarini yetkazib berish masalasini muhokama qilishi mumkin.
"Tomahawqlar ular tomonga uchib kelishini xohlashyaptimi? O‘ylamaymanki… Men unga aytardim: agar bu mojaro hal qilinmasa, men Ukrainaga Tomahawk raketalarini beraman", — deydi Amerika yetakchisi.
Uzoq masofali raketalar Ukrainaga Rossiyaning ichkarisidagi nishonlarni, jumladan, Moskvanini nishonga olish imkonini beradi, deya ta'kidlaydi Axios.
Kreml vakili Dmitriy Peskov avvalroq Kreml Ukrainaga Tomahawk yetkazib berish imkoniyatidan xavotirda ekanini, chunki bu raketalar yadroviy kallaklarni tashishga qodir ekanini aytgandi.
Putin, o‘z navbatida, Tomahawk raketalaridan foydalanish AQSh harbiylarining bevosita ishtirokini talab qilishini va bunday keskinlashuv AQSh va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy zarar yetkazishini ta'kidlagan.