AsosiyDunyo

Endi Jizzaxdagi bog‘chalarda 30 dan ortiq bola ovqatdan zaharlandi

Avvalroq, 4 tumandagi bog‘chada bolalar ommaviy zaharlangan edi.

'Endi Jizzaxdagi bog‘chalarda 30 dan ortiq bola ovqatdan zaharlandi'ning rasmi

Jizzax viloyatining Forish tumanida joylashgan 4 ta maktabgacha ta’lim muassasalarida 30 dan ortiq bolalar ommaviy ravishda ovqatdan zaharlandi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, 9 oktyabr kuni soat 9:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqt davomida Forish tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 1, 3, 5 va 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasalarining 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 37 nafar tarbiyalanuvchilari isitma ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi, qorin og‘rig‘i, ich ketishi va holsizlik kabi shikoyatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan epidemiologik surishtiruv davomida murojaat qilib kelgan bolalar 8 oktyabr kuni maktabgacha ta’lim muassasalarida biokefir, sir va saryog‘ kabi mahsulotlar iste’mol qilgani aniqlandi. Ularga anamnez va birinchi tekshiruvlar asosida “o‘tkir diareya” tashxisi qo‘yilib, statsionar ravishda tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Aniqlandi. Jizzax viloyati sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining dastlabki xulosasiga asosan, tumandagi 1, 3, 5 va 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ommaviy zaharlanish yuzaga kelishida oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash, ishlov berish jarayonlaridagi sanitariya qoida va normalari buzilgan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Forish tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatiini suiiste’mol qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar