Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan "Havfsiz kibermakon" tezkor-profilaktika oyligi doirasida "online kiyim do‘koni" niqobi ostida tashkil etilgan firibgarlik fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 4 nafar shaxslar oson daromad ortqirish maqsadida Instagram hamda Telegram tarmoqlari orqali erkaklar kiyimlari savdosi niqobi ostida soxta sahifalar ochib, arzon narxlarda mahsulotlar taklif qilgan. Ular xaridorlardan oldindan pul o‘tkazishni so‘rab, mablag‘larni begonalarga tegishli bank kartalariga tushirishgan va shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab kelganlar.
Masalan, joriy yil 11 iyun kuni Toshkent tumanida yashovchi fuqaro Instagram orqali ularga bog‘lanib, reklama qilingan kiyimni sotib olish uchun 1 million so‘mni ular ko‘rsatgan karta raqamiga o‘tkazib bergan. Biroq pul o‘tkazilgach, barcha yozishmalar o‘chirilib, mulogot to‘xtatilgan.
Dastlabki tergov jarayonida aniqlanishicha, so‘nggi bir oy davomida ular fuqarolarning jami 279 ta bank plastik kartalaridan aldov yo‘li bilan 101 million so‘mdan ortiq mablag‘larni qabul qilib olishgan.
Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.