AQShning Vashington shtati politsiyasi maktabda otishma uyushtirmoqchi bo‘lganlikda gumon qilib, 13 yoshli o‘smirni qo‘lga oldi. Uning uyidan 23 dona o‘qotar qurol va katta miqdorda o‘q-dorilar topildi. Bu haqda The Washington Post xabar berdi.
Bildirilishicha, bola maktab otishmalariga juda qiziqqan va ijtimoiy tarmoqlarda tahdidli postlar joylashtirgan. Hozirda o‘smirga 5 ta modda bo‘yicha ayblov qo‘yilgan, shulardan 4 tasi og‘ir jinoyat sifatida belgilangan. Bola ayblarni inkor etmoqda. Xavfsizlik maqsadlarida uning ismi oshkor qilinmagan.
“Xonadagi barcha dalillar uning otishma sodir etishga tayyorligini ko‘rsatdi. Qachon yoki kimga qarshi hujum bo‘lishi noma’lum, bu faqat vaqt masalasi”, — deydi Kappetto.
Politsiya o‘quvchining uyidan otishmachilar va o‘q-dorilarga aloqador jurnallarini ham topgan. Bolaning ota-onasi esa uning hech kimga zarar yetkazish niyatida emasligini da’vo qilmoqda. Xususan, o‘smirning onasi sud majlisida qatnashgan va jurnalistlarga bergan intervyusida o‘g‘lining internetdagi postlari “shunchaki do‘stlar oldida zo‘r ko‘rinish” uchun qo‘ylganini aytgan.
O‘smir 2021 yilda Franklin Pirs maktabida o‘qir edi, hozirda esa hech qaerda o‘qimayapti. Ish yuzasidan tergov ishi davom etmoqda. Politsiya jamoatchilikni ogoh bo‘lishga chaqirmoqda.