Buyuk Britaniya poytahti London shahrida “Palestine Action”
tashkilotining taqiqlanishiga qarshi o‘tkazilgan yirik namoyish kutilmagan tus oldi. Bu haqda BBC news ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, aksiyada 890 kishi hibsga olingan. Hibsga olinganlarning asosiy qismi terrorizmga oid qonunga binoan — taqiqlangan guruhni qo‘llab-quvvatlagani uchun ushlangan. Yana 17 nafar ishtirokchi politsiyachilarga hujum qilganlikda ayblanmoqda.
Namoyishchilar esa faqat tinchlik uchun kurashayotganini bildirib politsiyani yolg‘on xabar tarqatishda ayblagan. Ularning qo‘lida “Men genotsidga qarshiman, Palestine Actionni qo‘llayman” degan plakatlar bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, “Palestine Action” iyul oyida RAF harbiy bazasiga bostirib kirib, samolyotlarga zarar yetkazganidan keyin terrorchi tashkilot sifatida taqiqlangan. Endilikda ushbu guruhni qo‘llab-quvvatlash 14 yilgacha qamoq jazosi bilan jazolanadi.
Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri Shabana Mahmud esa “Falastinni qo‘llab-quvvatlash va terrorchi guruhni qo‘llash mutlaqo boshqa narsalar”, deya keskin bayonot berdi.