Birlashgan Arab Amirliklaridan Interpol kanallari orqali qidiruvda bo‘lgan ikki nafar fuqaro O‘zbekistonga topshirildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Bildirilishicha, Toshkent va Abu Dabi Interpol Milliy markaziy hamkorligida og‘ir jinoyat sodir etgan 2 nafar shaxs O‘zbekistonga olib kelingan.
Ushbu shaxslar mamlakat hududida sodir etilgan iqtisodiy va mulkiy jinoyatlar bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan. Endilikda mazkur shaxslar jinoyiy javobgarlikka tortilishi uchun sud oldida javob beradi.
Shuningdek, vazirlik ikki davlat Interpol bo‘limlari o‘rtasidagi hamkorlik kuchayotganini, bu esa jinoyatchilarni topshirish bo‘yicha ko‘rsatkichlarning oshishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.