Respublika bo‘yicha 2025 yilning birinchi yarim yilligida 68 ta yangi maktab ishga tushgan bo‘lsa, ularning birortasi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Shu bilan birga, 2024/2025 o‘quv yilida 738 ming bola 1-sinfga boradi. 455,2 ming o‘quvchi maktabni bitirgani hisobga olinsa, umumiy o‘quvchilar soni qariyb 283 ming nafarga ko‘payishi kutilmoqda. Bu esa, avvalo, katta shaharlarda, jumladan Toshkentda maktab joylariga bo‘lgan talab yanada oshib borishini anglatadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2 yil avval maktablarning 75,5 foizi 2 yoki 3 smenada faoliyat yuritgan. Maktablar vazirligi esa maktab sig‘imi yoki smenalar bo‘yicha yangilangan ma’lumotlarni e’lon qilmagan.
Shu bilan birga, oxirgi bir yil ichida Toshkent aholisi yana 70 ming nafarga ko‘paydi. Ammo aholi o‘sishiga nisbatan maktab infratuzilmasi sekin sur’atda rivojlanmoqda.
Mutasaddidlarning bu muammoni “xususiy maktablar hal qiladi” degan yondashuvi esa amaliyotda yetarli natija bermayapti.