AsosiyJamiyat

Poytaxtning 5 ta koʻchasida avtomobillar uchun belgilangan tezlik 80 km/soatgacha oshirilishi mumkin

Tashabbus tirbandlik, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat xavfsizligini ta’minlash hamda yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida ilgari surilmoqda.

'Poytaxtning 5 ta koʻchasida avtomobillar uchun belgilangan tezlik 80 km/soatgacha oshirilishi mumkin'ning rasmi

Toshkentning Bunyodkor, Sebzor, Ahmad Donish hamda Toshkent halqa yo‘li va Yangi O‘zbekiston kabi beshta ko‘chalarida  tezlik chegarasini 80 km/soatgacha oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimov ma’lum qildi.

Bildirilishicha, Toshkentning beshta ko‘chasida avtomobillar uchun belgilangan tezlikni o‘zgartirish hamda 12 ta ko‘chada bir tomonlama harakatlanishni joriy etish reja qilinmoqda. YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimovga ko‘ra, 500 ta svetofor uzluksiz elektr ta’minoti bilan jihozlanishi mumkin.

«Toshkent shahrining Bunyodkor, Sebzor, Ahmad Donish hamda Toshkent halqa yo‘li va Yangi O‘zbekiston ko‘chalarida transport vositalari uchun cheklangan yuqori tezlik 80 kilometrga o‘zgartirish taklifini beryapmiz», — dedi u.

Shaharlarda ruxsat etilgan tezlik chegarasi 2023 yil aprel oyida 70 dan 60 km/soatga tushirilgandi.

Bundan tashqari, 12 ta ko‘chada (aniq qaysilari ekani aytilmagan) bir tomonlama harakatlanishni joriy etish taklif qilinmoqda. Ushbu tashabbus mahalliy va xorijiy tajriba tahlili asosida tirbandlik va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat xavfsizligini ta’minlash va yo‘l harakati qatnashchilariga qulaylik yaratish maqsadida ilgari surilmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar