Poytaxt Toshkent yana bir marta soxta “ustalar” bilan bog‘liq shov-shuvli voqeaga guvoh bo‘ldi. Bu safar DXX va IIV xodimlari tomonidan Uchtepa tumanidagi “Avtomobil ehtiyot qismlari” bozorida faoliyat yuritib kelgan 12 kishilik jinoiy guruh fosh etildi.
Ular kim? Oddiy til bilan aytganda – ustaxona ortida tovlamachilik bilan shug‘ullangan “biznesmenlar”. Qancha odamning mashinasini “remont qilamiz” deb olib, keyin esa roziligisiz ehtiyot qismlar o‘rnatgan. Qancha odamga “600 dollarlik ish uchun 13 300 dollar berasan” deb dag‘dag‘a qilgan.
Yaxshi xizmat ko‘rsatmagan – qo‘rqitgan. Yaxshi til bilan narx aytmagan – kalit olib, tazyiq qilgan. Yaxshi ustalik qilmagan – soxta xizmatni uch barobar narxda sotgan.
Eng yomoni: haqqini so‘ragan mijozga tahdid qilishgan. Yana bir holatda – odamning mashinasiga o‘zlari bilgancha detal o‘rnatib, 15 million so‘m so‘rashgan. Kalitni bermay, bosim qilishgan. Bu hali hammasi emas.
Ikkita boshqa fuqarodan 70 million so‘m olib, va’da qilingan ishni ham bajarmaganlar. Bu endi oddiy ustalik emas – bu ochiqdan-ochiq “avtoritetlik” ustaxonasi.
Hozirda barcha gumondorlar ushlangan. Ularning harakatlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi ushbu holat yuzasidan fuqarolarni ogoh bo‘lishga chaqirmoqda.