Ukrainaning Xerson shahri yana hujum ostida qoldi. Mahalliy prokuratura bergan ma’lumotga ko‘ra, Rossiya armiyasi fuqaro avtomobiliga dron orqali portlovchi modda tashlagan. Natijada 66 yoshli haydovchi halok bo‘lgan.
Shuningdek, shaharga qilingan yana olti hujum oqibatida jami to‘qqiz nafar inson jarohat olgan, ularning biri – ayol fuqaroning ahvoli og‘ir ekani ma’lum qilindi. Bu haqda mahalliy hokimiyat vakillari xabar bergan.
Dnepropetrovsk viloyatida esa yana bir fuqaro yaralanib, o‘rtacha og‘ir holatda shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lısak ma’lum qilgan.
Ukraina Qurolli Kuchlari bergan ma’lumotga ko‘ra, 8 iyulga o‘tar kechasi Rossiya Kursk viloyatidan to‘rtta S-300/400 zenit raketasi va 54 ta Shahed kamikadze dronlari bilan hujum qilgan. Dronlar Kursk, Orlov viloyati hamda bosib olingan Qrim hududidan uchirilgan. Mudofaa kuchlari ushbu dronlarning 34 tasini shimoliy va janubiy hududlarda urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, aniq bir yil oldin, ya’ni 2024 yil 8 iyul kuni Rossiya tomonidan poytaxt Kiyevga uyushtirilgan ommaviy raketa hujumi oqibatida mamlakatdagi eng yirik bolalar shifoxonasi – “Oxmatdet” binosi zararlangan, ikki kattalar halok bo‘lgan, 7 nafar bola tan jarohati olgan edi. O‘sha kuni poytaxtda jami 47 kishi hayotdan ko‘z yumgan.