AQSh Davlat departamenti bu qarorni “favqulodda holat” bilan izohlab, Kongress tasdigʻisiz tezlashtirilgan tartibda amalga oshirgan. Bu qaror AQSh–Isroil va Eron oʻrtasidagi urush fonida qabul qilingan.
Fevral oyi oxirlaridan buyon Isroil va Fors koʻrfazi davlatlari Eron tomonidan raketa va dron hujumlariga duch kelmoqda. Bu esa ularning AQShdan olingan qurol zaxiralarini kamaytirib, havo himoya tizimlariga bosimni kuchaytirgan.
Yangi kelishuvlarga koʻra:
— Isroilga qariyb 1 milliard dollarlik yuqori aniqlikdagi zarba tizimlari (APKWS) yetkazib beriladi;
— Quvayt 2,5 milliard dollarlik jang boshqaruv tizimlarini sotib oladi;
— Qatar deyarli 5 milliard dollarga APKWS va “Patriot” havo mudofaa tizimlarini yangilaydi;
— Birlashgan Arab Amirliklari esa 148 million dollarlik shunday qurollarni xarid qiladi.
Juma kuni eʼlon qilingan bayonotda AQSh Davlat departamenti bu qaror “milliy xavfsizlik manfaatlari” uchun zarur ekanini taʼkidlab, Qurol eksportini nazorat qilish toʻgʻrisidagi qonunga koʻra odatda talab qilinadigan Kongress koʻrib chiqish jarayonini chetlab oʻtganini maʼlum qildi.






