AsosiyJinoyat

Hokim o‘rinbosari, agentlik va inspeksiya xodimlari pora bilan qo‘lga tushdi

Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

'Hokim o‘rinbosari, agentlik va inspeksiya xodimlari pora bilan qo‘lga tushdi'ning rasmi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani hokimining o‘rinbosari 12 ming AQSH dollari pora olgan paytida ushlandi. U yer maydoni ajratish evaziga Taxiatosh tumanida faoliyat yurituvchi, qizilmiya ildizini qayta ishlashga ixtisoslashgan xususiy korxona rahbari bilan kelishuvga borgan. Bu haqda Darakchi.uz nashri Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hokim o‘rinbosari Beruniy tumanidan 150 gektar yerni ajratib berishni va’da qilgan. Tezkor tadbir chog‘ida u ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushdi.

Poraviy jinoyat Namanganda ham kuzatilgan. Kosonsoy tumanidagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari 24 gektar yer maydonini “tanish mansabdor” orqali boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 240 ming dollar talab qilgan. U oldindan 50 ming dollar olgan paytida ushlangan.

Qizig‘i shundaki, u bilan “hamkorlik” qilgan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi Kosonsoy tuman loyiha ofisi bosh mutaxassisi ham 10 ming dollar pora bilan ushlangan.

Pora Andijonda ham to‘xtamadi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Andijon viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i 6 sotix yerda noqonuniy qurilgan inshoot bo‘yicha kam xulosa berish uchun 1 000 dollar olgan paytida qo‘lga tushdi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar