Farg‘ona viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Akmal Ahmedov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
"Tizimni ta’magirlik, poraxo‘rlik singari illatlardan tozalash ishlari olib borilayotgan bir paytda, boshqarma boshlig‘i yaqin qarindoshiga tegishli bo‘lgan Malibu-2 avtomashinasida sodir etilgan qoidabuzarliklarni qonunga zid ravishda yashirishga uringani fosh etilgan", deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan podpolkovnik Akmal Ahmedov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Hozirda mazkur qonunbuzarlikka to‘liq huquqiy baho berish uchun qo‘shimcha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Malibu rusumli 40 081 SBA davlat raqamli avtotransport vositasida sodir etilgan barcha qoidabuzarliklar bo‘yicha jarimalar to‘liq undirilgan.