Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSHning yetakchisi Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali yana bir suhbat bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.
Taxminan bir soat davom etgan muloqot “ishchan va aniq” ruhda kechgan. Ushakovning aytishicha, Tramp yana Ukraina hududidagi harbiy harakatlarni tez orada to‘xtatish zarurligini ta’kidlagan.
Putin esa Rossiya “mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga intilayotganini”, biroq “belgilangan maqsadlarga erishish” niyatida qat’iy qolayotganini bildirgan.
Muloqot chog‘ida, shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyat ham muhokama qilingan. Qizig‘i shundaki, Putin Trampga Rossiya va AQSH o‘rtasida “an’anaviy qadriyatlarga mos” kinomahsulotlar almashinuvini taklif qilgan.
Rossiya prezidenti, shuningdek, Trampni yaqinlashib kelayotgan Amerika Mustaqillik kuni bilan tabriklagan va “Rossiya AQSH davlatchiligini shakllantirishda muhim rol o‘ynaganini” ta’kidlagan.
Amerika tomonining ushbu suhbat yuzasidan rasmiy bayonoti hozircha berilgani yo‘q.