Mamlakat parlamenti xalqaro bosimlarga qarshi keskin qaror qabul qildi. Mahalliy ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Eron parlamenti a’zolari aksariyat ovoz bilan mamlakatning Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATЕ) bilan hamkorligini to‘xtatishni ma’qulladi.
Qonunga muvofiq, endilikda MAGATЕ inspektorlari Eron hududiga kirib, yadro obyektlarini tekshira olmaydi. Bu haqda parlament prezidiumi vakili Alireza Salimi ISNA axborot agentligiga ma’lum qilgan.
Uning aytishicha, Eronning yadro inshootlari xavfsizligi va tinchlik maqsadidagi faoliyati kafolatlanmaguncha, har qanday tashqi tekshiruvlar rad etiladi.
Bu qaror MAGATЕ rahbari Rafael Grossi Eronning yadro obyektlariga, xususan, uranni boyitish zaxiralariga oid tekshiruvni talab qilganidan so‘ng qabul qilindi.
U Forsdo yadro majmuasida olingan sun’iy yo‘ldosh suratlarida portlash natijasida hosil bo‘lgan chuqurliklar yaqqol ko‘rinayotganini aytgan.
Grossining so‘zlariga ko‘ra, bu yerda portlovchi moddalar ishlatilgani va markaziy tsentrifugalar zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Ammo hozircha yetkazilgan zararni to‘liq baholash imkoni yo‘q.