O‘zbekistonda davlat xizmatchilari xizmat safari rejasi va natijalari, geografiyasi, xodimlar soni hamda xarajatlarni onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda prezidentning 20 iyunda e’lon qilingan farmonida belgilandi.
Unga ko‘ra, 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlilini olib borish “hrm.argos.uz” elektron tizimi tarkibidagi “Xizmat safari” yagona moduli orqali amalga oshiriladi.
Bunda:
- xizmat safari rejasi va natijalari, geografiyasi, xodimlar soni hamda xarajatlarni onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratiladi;
- xizmat safarlarining muayyan davlat organining faoliyati samaradorligiga bevosita, oraliq va yakuniy ta’siri monitoring qilib boriladi;
Davlat xizmatchilari har bir xorijiy xizmat safarlari yakunlari bo‘yicha hisobot topshiradi hamda hisobot asosida xizmat safarining samaradorligi baholab boriladi.
Davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularga “halollik vaksinasi”ni singdirish hamda bu borada preventiv mexanizmlarni joriy etish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Rahbar kadrlarni baholash markazi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining buyurtmasi asosida rahbarlik lavozimlarida ishlayotganlar va ushbu lavozimlar uchun zaxirada turganlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini baholash mexanizmi joriy etiladi.
Davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni singdirish bo‘yicha qadriyatlar tizimini shakllantirish yuzasidan tadqiqotlar olib borish asosida ta’sirchan chora-tadbirlarni joriy etishga oid takliflar ishlab chiqiladi. Korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini baholash uslubiyati takomillashtirib boriladi.
Farmonda belgilanishicha, 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilari lavozim maoshi ularning ish tajribasi, ilmiy va malaka darajasi, natijadorligi hamda boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib shakllantiriladi. Davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi.