O‘tgan oy Shimoliy Koreya o‘zining yangi harbiy kemasini suvga tushirayotganda, u suvda ag‘darilib ketdi. Bu hodisa nafaqat kema balki butun dunyo OAV e’tiborida bo‘ldi. Qizig‘i, hech kim halok bo‘lmadi, zarar ham katta emasdi.
Unda nega bu voqea bunchalik muhim bo‘ldi?
Gap kema haqida emas, Kim Chen Inning bunga bo‘lgan munosabatida.
U buni “jinoyat” deb atadi. Unga ko‘ra, bu voqea mamlakatning “sha’nini yerga urdi”. Shu zahoti aybdorlar jazolandi — to‘rt nafar partiya rasmiysi hibsga olindi. Kim esa kemani darhol tuzatishni buyurdi. Va, ajablanarli darajada, oradan uch hafta o‘tib, kema yana suvga tushirildi.
Bu bizga Shimoliy Koreya rejimi haqida ko‘p narsani ochib beradi.
Harbiy kuch – Kim Chen Inning obsesiyasi
Shimoliy Koreya yadroviy qurollarga ega bo‘lsa-da, uning dengiz floti juda zaif. Qo‘shnilari – Janubiy Koreya, Yaponiya va AQSH – eng kuchli flotlarga ega. Kim Chen In esa buni o‘zgartirmoqchi. U yadroviy qurolli kema qurishni rejaga qo‘ydi. Bu ag‘darilgan kema – ana shu rejadagi muhim qadam edi. Birinchi kemani aprel oyida suvga tushirishgan. Bu esa ikkinchisi edi.
Og‘irligi 5000 tonna bo‘lgan bu kema Shimoliy Koreya tarixidagi eng katta harbiy kemadir va nazariy jihatdan yadroviy raketalarni uchirishga qodir.
Ag‘darilish – katta sharmandalik
Janubiy Koreya harbiy floti kapitani bo‘lgan Chxoi Il aytishicha, bunday darajadagi kema qurilishida xatolik bo‘lishi juda kam uchraydi. Bu hodisa Shimoliy Koreya kema qurilish texnologiyasining zaifligini fosh qildi. Eng yomoni, bu kema Kim Chen Inning o‘zi ko‘z o‘ngida suvga tushirilgan va shunda ag‘darilgan.
Shimoliy Koreya “har doim o‘zini kuchli ko‘rsatishga urinadi”. Shu sababli Kimning g‘azabi joyida edi.
Endi xatoliklar yashirilmaydi
Oldinlari Shimoliy Koreya yomon yangiliklarni yashirib kelgan. Ammo endi bu o‘zgaryapti. Chunki odamlar axborotga kirishni o‘rganib qolishgan. Endi rejim xatoni yashirish o‘rniga, uni e’lon qiladi, aybdorlarni jazolaydi va “rahbar ishlayapti” degan taassurot uyg‘otadi.
Bu strategiya ishlayotganga o‘xshaydi. Uch haftada kema tuzatildi. Bu orqali rejim o‘zini qattiq ishlayotgan, javobgar rahbar sifatida ko‘rsatdi.
Oddiy ishchining o‘limi – sadoqat ramzi
Kim kema qurilishida halok bo‘lgan bir ishchini tilga olib, uni “jonini fido qilgan fidoyi” deb atadi. Boshqacha aytganda, xatolik uchun rahbar o‘zini aybdor deb hisoblash o‘rniga, sadoqatli ishchini ko‘rsatib, xalqqa sadoqat ibratini berdi. Bu ham propagandaning bir ko‘rinishi.
Orqada qolgan emas, oldinga yurayotgan davlat
Kim Chen In o‘z maqsadidan qaytmaydi. Harbiy kuch – ayniqsa yadroviy dengiz floti – u uchun eng katta strategik maqsad. Shunga intilayotganini, vaqti kelganda erishishini ko‘rsatib qo‘ydi.
Boshqalarga kulgili bo‘lib tuyulsa-da, Shimoliy Koreya asta-sekin oldinga yurayapti.
“Ularning kemasi suvda ag‘darilishi kulgili ko‘rinsa-da, ularning qat’iyati jiddiy. Biz hushyor bo‘lishimiz kerak”, – deydi mutaxassislar.