AsosiyDunyo

Isroil tomonidan Eron yadroviy infratuzilmasiga uyushtirilgan zarba: mavjud ma’lumotlar sharhi

“Darakchi.uz” Eron hamda Isroilda kuzatilayotgan mojarolar ostida yuzaga kelgan holatlar xronologiyasini ma’lum qiladi.

'Isroil tomonidan Eron yadroviy infratuzilmasiga uyushtirilgan zarba: mavjud ma’lumotlar sharhi'ning rasmi

Bugun, 13 iyun tongida Isroil Davlati Harbiy-havo kuchlari tomonidan Eron Islom Respublikasi hududida joylashgan yadroviy va harbiy obyektlarga nisbatan aviazarbalar amalga oshirildi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning bayonotiga ko‘ra, mazkur harakat "Eronning yadroviy yoqilg‘i boyitish dasturining yuragi"ga qaratilgan bo‘lib, u xavfsizlikni ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan "oldini oluvchi chora" sifatida baholanmoqda.

Isroil tomoni Tehron tomonidan yadro bombasi yasashga yetarli darajada uran boyitilganini asosiy xavf deb e’tirof etdi.

Shu munosabat bilan, Isroil tomonidan harbiy hamda strategik ilmiy infratuzilmalar, jumladan, Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (KSIK) yuqori martabali komandirlariga nisbatan nishonli hujumlar uyushtirildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, KSIK qo‘mondoni general Husayn Salomiy, yadro sohasidagi yetakchi olimlar Fereydun Abbosiy-Davoniy hamda Muhammad Mehdi Tehronchiy halok bo‘lgan. Shuningdek, Oyatulloh Ali Xomanaiyning yaqin maslahatchisi Ali Shamxoniy og‘ir tan jarohati olgani aytilmoqda.

Eron Oliy rahbari Oyatulloh Xomanaiy ushbu hujumga qat’iy javob qaytarilishini ma’lum qildi. Isroil mudofaa vaziri Isroel Katsning bayonotiga ko‘ra, Isroil Davlati yaqin orada mamlakat hududi va tinch aholisiga qarshi ehtimoliy raketa va dron hujumlariga tayyorlanmoqda.

AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp esa Fox News telekanaliga bergan intervyusida Isroil harakatlaridan avvaldan xabardor bo‘lganini, biroq AQSH ushbu harbiy operatsiyada ishtirok etmaganini ta’kidladi.

Shuningdek, u Qo‘shma Shtatlar o‘zini ham, Isroilni ham himoya qilishga tayyor ekanini bildirib, Eron bilan diplomatik muzokaralar yo‘liga qaytishga umid bildirdi.

Hududiy xavfsizlik nuqtayi nazaridan Isroil, Iroq va Armaniston havo hududlarini vaqtincha yopdi.

Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATЕ) rahbari Rafael Grossi o‘z bayonotida Natanzdagi yadroviy obyektga zarba berilganini tasdiqladi hamda radiatsiya darajasi yuzasidan Tehron bilan doimiy aloqada ekanini bildirdi. Grossi xalqaro hamjamiyatni vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatishga chaqirdi.

    Boshqa yangiliklar