AsosiyDunyo

Ukraina Rossiyadan mingdan ortiq askarining jasadini olib ketdi

Urush boshlanganidan beri Rossiya va Ukraina 80 martadan ortiq asirlar almashinuvini amalga oshirdi.

'Ukraina Rossiyadan mingdan ortiq askarining jasadini olib ketdi'ning rasmi

Ukraina janglar vaqtida halok bo‘lgan 1 ming 212 nafar harbiyning jasadini Rossiyadan qaytarib oldi. Bu haqda Rossiyskaya gazeta xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qaytarilgan harbiylar orasida Kursk, Xarkov, Zaporoje, Xerson, Donetsk va Lugansk hududidagi jangovar harakatlar vaqtida halok bo‘lganlar bor.

Ushbu qaytaruv ishlari Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi ko‘magida amalga oshirilgan va Ukraina jarayonda ko‘rsatgan ko‘magi uchun qo‘mitaga minnatdorlik bildirgan. Yaqin kunlarda halok bo‘lganlarning jasadlari Ukraina Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillariga sud-tibbiyot ekspertizasi uchun topshirilishi ko‘zda tutilgan. 

“Huquqni muhofaza qilish organlari tergovchilari va Ichki ishlar vazirligining ekspert muassasalari bilan hamkorlikda halok bo‘lganlarning shaxsi imkon qadar tezda aniqlanadi”, deyiladi xabarda. 

Rossiya Davlat Dumasi deputati, harbiy operatsiya bo‘yicha parlament koordinatsiya guruhi vakili Shamsail Saraliyev RBK nashriga Ukraina tomoniga jasadlar topshirilganini tasdiqlagan.

“Men tasdiqlayman. Bugun jasadlar topshirish jarayoni haqiqatan ham amalga oshdi”, degan u.

Qayd etilishicha, Ukraina tomoni Rossiya harbiylarining jasadlarini topshirishni ma’lum muddatga kechiktirgan. 

Ma’lumot uchun, urush boshlanganidan beri Rossiya va Ukraina 80 martadan ortiq asirlar almashinuvini amalga oshirdi.

    Boshqa yangiliklar