Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) rahbari Kirill Budanovning bayonotiga ko‘ra, Rossiya harbiy asirlar va halok bo‘lganlar jasadlarini almashishda shartlarni faqat o‘zi belgilashga urinmoqda.
Budanovga ko‘ra, Moskvaning “axboriy bosimi”ga qaramasdan, Kiyev hali ham Istanbulda erishilgan kelishuvlarga sodiq qolmoqda. “Repatriatsiya jarayoni kelasi haftada boshlanishi kerak. Bu haqida mas’ul tomonlar allaqachon seshanba kuni ogohlantirilgan”, — deya ta’kidladi Budanov.
Biroq Rossiya tomoni boshqa pozitsiyada. General-leytenant Aleksandr Zorin rahbarligidagi muzokarachilar Kiyevni “jasadlar almashinuvi kechiktirilgani haqida rasmiy xabar bermaganlikda” ayblamoqda.
Shu bilan birga, Rossiya davlat axborot vositalari Bryansk viloyatidan olingan deb taxmin qilinayotgan muzlatgichli yuk mashinalarining suratlarini tarqatdi. Ularning ichida — da’vo qilinishicha — ukrainalik harbiylar jasadlari bo‘lgan.