AsosiyDunyo

Kim Chen In Rossiyani Ukrainadagi urushda qat’iy qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirgan

KXDR rahbari Rossiyaga “adolatli urushda doimiy g‘alabalarni” tilagan.

'Kim Chen In Rossiyani Ukrainadagi urushda qat’iy qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirgan'ning rasmi

Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu kecha, 4 iyun kuni Shimoliy Koreyaga bordi va u yerda mamlakat rahbari Kim Chen In bilan uchrashdi. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi saytida xabar berildi.

Uchrashuv chog‘ida Kim Chen In KXDR Rossiyani Ukrainadagi urushda ham qat’iy qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirgan.

“KXDR hukumati Rossiyaning pozitsiyasi va tashqi siyosatini barcha jiddiy xalqaro siyosiy masalalarda, ayniqsa Ukrainadagi mojaroda shartsiz qo‘llab-quvvatlaydi”, degan Shimoliy Koreya rahbari.

Ukraina urushi haqida gapirar ekan, Kim Chen In Rossiyaga “adolatli urushda doimiy g‘alabalarni” tilagan.

Qayd etilishicha, tomonlar uchrashuv chog‘ida Kursk viloyatida bo‘lib o‘tgan janglarni ham muhokama qilgan. Ushbu janglarda Shimoliy Koreya askarlari Ukraina Qurolli kuchlariga qarshi Rossiya tomonida turib jang qilgan.

Rossiya Xavfsizlik kengashi “koreyalik jangchilarning jasoratini abadiylashtirish” masalasi muhokama qilinganini bildirgan.

Ma’lumot uchun, 2024 yilning 19 iyunida Vladimir Putin Pxenyanga qilgan tashrifi chog‘ida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. Ushbu bitimga ko‘ra, har ikki davlat boshqa davlat tomonidan qurolli hujumga uchragan taqdirda bir-biriga harbiy va boshqa shakllarda yordam ko‘rsatishga majbur.

    Boshqa yangiliklar