AsosiyDunyo

Prezidentlikdan panjara ortigacha: Atambayevning so‘nggi bekati

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayev noqonuniy yer ajratish, korrupsiya va ommaviy tartibsizliklar ishi bo‘yicha aybdor deb topildi.

'Prezidentlikdan panjara ortigacha: Atambayevning so‘nggi bekati'ning rasmi

Qirg‘iziston siyosiy sahnasida bir vaqtlar xalq fidoyisi sifatida ko‘zga tashlangan Almazbek Atambayev endilikda sud qarori bilan jinoiy shaxs sifatida tarixga kirib bormoqda. Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi 2011–2017 yillarda Qirgiziston prezidenti bo‘lgan Atambayevni qator jinoyatlarda aybdor deb topdi va unga sirtdan 11 yil-u 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Bu haqda “Kaktus Media” xabar tarqatdi.

 

Sud majlisi sudya Aziret Mederov raisligida o‘tkazilgan. Sudga yetkazilgan hujjatlarga ko‘ra, sobiq prezident Chuy viloyatining Qo‘y-Tosh qishlog‘ida yerlarni noqonuniy egalashda, Bishkek issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish jarayonida korrupsiyada va 2019 yilning avgust oyida Qo‘y-Toshdagi ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda aybdor deb topilgan.

 

 

Hukmga binoan, Atambayev nafaqat erkinlikdan, balki mol-mulkidan ham, shuningdek, davlat mukofotlaridan ham mahrum etildi.

 

Endi u faqat bir narsani saqlab qoldi – sobiq prezident degan unvonni. Ammo bu unvon endi orqaga burilib qaraladigan, shunchaki o‘tmishdagi siyosiy afsonaning so‘nayotgan soyasidek eslatma bo‘lib qoladi, xolos.

 

Atambayev yolg‘iz emas

 

"Qo‘y-Tosh voqealari" bo‘yicha jazolanganlar orasida sobiq Prezident devoni rahbari Farid Niyozov, Jogorku Keneshning sobiq deputati Ravshan Jeenbekov – har ikkalasi 7 yil-u 8 oyga ozodlikdan mahrum qilindi. Yana bir deputat Irina Karamushkina esa 7 yil-u 6 oy oldi.

 

Aytish kerakki, hukm qilinganlar ro‘yxati siyosiy “tanish-bilishlar” jamiyatini eslatadi. Masalan, sobiq deputatlar Asel Koduranova (3 yil), Meyorbek Miskenbayev (5 yil), Atambayevning tansoqchisi Kanat Sagimbayev va tarafdor jurnalist Qunduz Joldubayeva – har biri 5 yillik probatsiya jazosi oldi. Go‘yo bu "siyosiy dramada" har bir aktyor o‘z rolini bajardi – ba’zilari sahnadan chiqib ketdi, ba’zilari esa qamoqxonadan chiqmaydi.

 

Oldingi ishlar – eski do‘kon

 

Atambayevga ilgariroq ham hukm chiqarilgan edi. 2020 yil 23 iyun kuni sud uni jinoiy avtoritet Aziz Batukayevni noqonuniy ozod qilgani uchun 11 yil-u 2 oyga qamagan edi. Keyinchalik esa bu ishlar qayta ko‘rib chiqilib, Atambayev ba’zi ayblovlardan oqlangan. Xususan, 2020-yilgi ommaviy tartibsizliklar ishi jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli yopilgan.

 

Lekin bu oqlovlar Atambayevni to‘la oppoq qilmadi. Oqishib qolgan siyosiy reputatsiyani endi hech qanday sud qarori yuvib ketolmaydi. 2023 yil 14 fevralda u sog‘lig‘i tufayli koloniyadan ozod qilindi va ertasiga xorijga uchib ketdi. Balki u endi o‘z hukmini chet eldan eshitgandir.

 

Siyosatning changalzor yo‘llari

 

Bir paytlar prezidentlik kursisida o‘tirgan, xalq ishonchini qozongan Atambayev bugun sobiq rahbar, sobiq siyosatchi, sobiq erkin fuqaro. Tarix unga qanday baho berishini vaqt ko‘rsatadi, ammo hozircha sud uni qattiq baholadi. Siyosiy maydonda yutganlar ham, yutqazganlar ham bir kun kelib javob beradi. Shunchaki, kimdir bunga sud zalida yetadi, kimdir esa o‘z vijdonida.

 

    Boshqa yangiliklar