AsosiyDunyo

Rossiyada o‘lim jazosi amaliyotga qaytariladi(mi?)

Sergey Mironov terrorchilar uchun adolatli jazo faqat o‘lim ekanligini aytgan.

'Rossiyada o‘lim jazosi amaliyotga qaytariladi(mi?)'ning rasmi

Rossiyada terrorchilarga nisbatan o‘lim jazosini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu haqda “Spravedlivaya Rossiya – Za pravdu” partiyasi rahbari Sergey Mironov TASS’ga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Mironovning ta’kidlashicha, terrorchilar uchun adolatli jazo faqat o‘lim bo‘lishi mumkin. Ularning fraksiyasi bir necha bor terrorchilar va ularning hamkorlariga nisbatan o‘lim jazosini qayta tiklashni talab qilgan va bu masalada kurashni davom ettiradi.

“Terrorchilik harakatlariga qo‘l urganlarga nisbatan gumanistik yondashuvni to‘xtatish kerak”, degan Mironov.

Rossiya Konstitutsiyaviy sudi raisi Valeriy Zorkin o‘lim jazosi Rossiyada faqat yangi Konstitutsiya qabul qilinsa, qayta joriy etilishi mumkinligini, boshqa yo‘l mavjud emasligini bildirgan edi.

Ma’lumot uchun, Rossiyada o‘lim jazosi 1997 yil 16 apreldan beri qo‘llanilmaydi. Bu Rossiya Federatsiyasi tomonidan o‘lim jazosini bekor qilish bilan bog‘liq inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Strasburg Konvensiyasining 6-sonli protokoli imzolanishi bilan bog‘liq. Ammo o‘lim jazosi jazo turi sifatida Rossiya Jinoyat kodeksining 59-moddasida mustahkamlangan. U faqat hayotga tajovuz qiladigan o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun qo‘llanilishi mumkin. Shunday qilib, Rossiyada 1997 yildan buyon amalda o‘lim jazosi qo‘llanilmagan, lekin qonunchilikda bu jazo turi haligacha saqlanib turibdi.

    Boshqa yangiliklar