Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan Berlinda o‘tkazilgan matbuot anjumanida mamlakati NATOning iyun oyida bo‘lib o‘tadigan sammitida qatnashishi zarurligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, Kyivning sammitda qatnashmasligi Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun geosiyosiy yutuqqa aylanadi.
“Bu Ukraina ustidan emas, NATO ustidan qozonilgan g‘alaba bo‘ladi”, — deydi Zelenskiy.
Shuningdek, u Rossiyani tinchlik muzokaralarini kechiktirayotganlikda aybladi. Ukraina tomonining bildirishicha, Moskva navbatdagi ikki tomonlama uchrashuv joyini hanuzgacha kelishmagan.
“Ular urushni tugatmaslik uchun doimiy ravishda sabab izlab keladi”, — deydi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti Germaniyaga havo hujumidan mudofaa (PVO) tizimlari yetkazib berilgani uchun minnatdorlik bildirdi va bu yo‘nalishda Berlin bilan muhim kelishuvlar mavjudligini qayd etdi. Mazkur kelishuvlar tafsilotlari oshkor etilmadi.