Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda fuqarolarni “Haj” safariga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati “Darakchi.uz”ga xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma xodimi — 1997 yilda tug‘ilgan shaxs Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida yashovchi ikki nafar fuqarodan ularni Saudiya Arabistoniga haj ziyoratiga yuborish evaziga 12 800 AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, firmaning yana ikki nafar — 1980 va 1994 yillarda tug‘ilgan xodimlari ham fuqarolarning ishonchiga kirib, ziyoratga yuborish va’dasi bilan pullarni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish mexanizmini yo‘lga qo‘ygani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarning ikki nafariga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan shaxs haj safariga yuborish evaziga Toshloq tumanida yashovchi fuqaroning 11 ming AQSh dollarini olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi.
Ushbu holat bo‘yicha ham Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 3-qismi “a” bandi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hozirda ushbu jinoyatlardan jabrlangan boshqa fuqarolar shaxsini aniqlash va ularga yetkazilgan moddiy zararlarni baholash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.