2025 yilda poytaxtda jinoyat ishi qo‘zg‘atish kerak bo‘lgan 954 ta jinoyat yashirilgan. Bu haqda Toshkent shahar prokurori Anvar O‘rmonov hisobot berdi.
Qayd etilishicha, yil davomida shahar prokuraturasi hisobotlar haqqoniyligi, jinoyatlarni hisobdan yashirish holatlarini aniqlish bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazgan.
“Ichki ishlar organlarining jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qabul qilingan 954 ta (mahkama – 537, tumanlar – 417) noqonuniy qarorlari bekor qilinib, ular bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hisobdan yashirilgan jinoyatlarning 23 tasi og‘ir jinoyatlarni tashkil qiladi, uchta jinoyatlar qayd etmaslik yo‘li bilan hisobdan yashirilgani aniqlangan”, — deyiladi poytaxt prokurori axborotida.
Anvar O‘rmonov tergovga qadar tekshiruv va jinoyat ishlari tergovi ustidan ham alohida nazorat o‘rnatilganini bildirgan. Xususan, o‘tgan yili jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etishga oid 124 ta qaror bekor qilinib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Shu bilan birga, 70 ta jinoyat ishini tugatish va to‘xtatish qarorlari bekor qilingan.
Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovning har tomonlama, xolis va faqat qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkazilishi yuzasidan prokuror nazorati o‘rnatilgan, — deya hisobot bergan poytaxt prokurori.
Ma’lumot uchun, o‘tgan 2025 yilda Toshkentda 30 600 ta jinoyat ro‘yxatga olingan. Bu ko‘rsatkich 2024 yildagidan (32 106 ta) 4,7 foizga kamaygan. Qayd etilgan jinoyatlarning yarmidan ko‘pini (16 248 tasi) kiberjinoyatlar tashkil qilgan. Oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 7 681 ta bo‘lib, bir yil avvalgidan 1 225 taga (13,8 foiz) kamaygan.






