AsosiyDunyo

Rossiya Ukrainani raketa va dronlar bilan nishonga oldi

Hujum ortidan Odessada ikki kishi halok bo‘ldi, 15 kishi jarohat olgan.

'Rossiya Ukrainani raketa va dronlar bilan nishonga oldi'ning rasmi

Bugun, 1-mayga o‘tar kechasi Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari Ukraina hududlariga yirik havo hujumini amalga oshirdi. Bu haqda Ukraina Qurolli Kuchlari Havo kuchlari qo‘mondonligi ma’lum qildi.

Ukraina rasmiylarining bayonotiga ko‘ra, Rossiya tomonidan jami 5 ta "Iskander-M" ballistik raketasi va 170 ta turli dron uchirilgan. Ukraina havo mudofaasi 74 ta “Shahed” turidagi zarba beruvchi dronlarni urib tushirgan. Yana 68 ta imitator dronlar radarlar tomonidan “yo‘qolgan” deb baholangan.

Hujum oqibatida Odessa, Xarkov, Sumy, Donetsk va Kiev viloyatlarida infratuzilmalarga zarar yetgan.

Odessada bir nechta ko‘p qavatli va xususiy uylar, supermarket, maktab hamda yengil avtomobillar zararlangan. Viloyat rahbari Oleg Kiperning ma’lum qilishicha, shahar bo‘ylab bir nechta yong‘inlar sodir bo‘lgan. Fojia natijasida ikki kishi halok bo‘lgan, 15 kishi jarohat olgan.

Kiev viloyatida esa dron parchalari xususiy uyni va yordamchi binoni yondirib yuborgan, ammo odamlar orasida talafot qayd etilmagan.

Xarkov shahrida esa dronlar shaharning Kiev tumanidagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasini nishonga olgan. Yong‘in yuzaga kelgan, ammo jabrlanganlar yo‘q.

Shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z bayonotida bildirganicha, tunda RF havo mudofaasi tomonidan Kursk, Voronej, Vladimir va Belgorod viloyatlarida jami 8 ta ukrainalik dron urib tushirilgan.

    Boshqa yangiliklar