AsosiyDunyo

O‘zbekiston AQShdan deportatsiya qilingan migrantlarni qabul qildi

Bildirilishicha, O‘zbekiston AQShdan chiqarib yuborilgan 131 nafar noqonuniy migrantni mamlakatga qabul qilgan.

'O‘zbekiston AQShdan deportatsiya qilingan migrantlarni qabul qildi'ning rasmi

AQSh Ichki xavfsizlik departamentining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston hukumati AQShdan chiqarib yuborilgan 131 nafar noqonuniy migrantni qabul qildi. Ular orasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari bor.

Departament ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston rasmiylari o‘z fuqarolarining deportatsiyasi bilan bog‘liq barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olgan.

“Fox News” telekanalining xabar berishicha, O‘zbekiston hukumati migrantlarni olib ketish uchun charter reysni to‘liq moliyalashtirgan. Telekanalga ko‘ra, bu — Donald Trampning yangi ma’muriyati davrida O‘zbekiston bilan tuzilgan ilk deportatsiya bitimi hisoblanadi.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekistondan so‘ng o‘z yurtlariga qaytarilgan.

    Boshqa yangiliklar