Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorovga “Adolat” partiyasi deputati Gulnora Abduvohidova tomonidan xususiy tibbiyot muassasalarida noto‘g‘ri tibbiy muolajalar oqibatida fuqarolar salomatligiga jiddiy zarar yetishi va hatto o‘lim bilan yakunlanayotgan holatlar ko‘payib borayotgani bo‘yicha deputatlik so‘rovi yuborildi. Bu haqda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, deputat o‘z so‘rovida so‘nggi yillarda tibbiyot tizimida qator ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganiga qaramay, ayrim xususiy tibbiyot muassasalarida shifokorlarning noto‘g‘ri tashxisi yoki muolajasi sababli fuqarolarning vafot etishi, nogiron bo‘lib qolishi kabi ayanchli holatlar soni ortib borayotgani jamoatchilikda xavotir uyg‘otayotganini ta’kidlagan.
So‘rovda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tibbiyot xodimlarining kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmasligi bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha chiqarilgan hukmlar soni yildan yilga oshib bormoqda (2023 yilda – 67 nafar, 2024 yilda – 94 nafar, 2025 yilning birinchi choragida – 16 nafar).
Abduvohidova yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan Farg‘ona va Buxorodagi xususiy klinikalarda ro‘y bergan o‘lim holatlari, shuningdek, noto‘g‘ri plastik jarrohlik oqibatida yosh blogerning sog‘lig‘iga jiddiy putur yetgani kabi voqealarni misol qilib, bunday salbiy tendensiyaning sabablarini o‘rganish va unga chek qo‘yish zaruratini ta’kidlagan.
Deputatlik so‘rovida Sog‘liqni saqlash vazirligi oldiga quyidagi muhim savollar qo‘yilgan:
Xususiy tibbiyot muassasalarida ushbu noxush holatlar ko‘payishining asl sabablari nimada va ularning oldini olish bo‘yicha vazirlik tomonidan qanday choralar ko‘rilmoqda?
Xususiy klinikalarda ro‘y bergan har bir inson o‘limi, nogironlik yoki sog‘liqqa jiddiy zarar yetkazish holati vazirlik tomonidan tahlil qilinganmi va ularning takrorlanmasligi uchun qanday amaliy ishlar qilingan?
Xususiy tibbiyot muassasalarida muolajalarning to‘g‘ri qo‘llanilishi va tasdiqlangan tibbiy protokollarga amal qilinishi ustidan tizimli nazorat mexanizmi mavjudmi? Bu borada qanday aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
Vazirlik aholi salomatligini ishonchli himoya qilish maqsadida xususiy klinikalar uchun litsenziya talablari va shartlarini qat’iylashtirish bo‘yicha qanday taklif va tashabbuslarni ilgari surishni rejalashtirmoqda?
Deputat “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunining 15-moddasiga (qonunchilik palatasi deputatining, Senat a’zosining so‘rovi) muvofiq, Sog‘liqni saqlash vaziridan yuqoridagi savollarga 10 kun muddat ichida asoslantirilgan javob berishni so‘ragan.