Oliy Majlis Senati 23 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda O‘zbekistonda yer uchastkalaridan samarali foydalanish, sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun ma’qullandi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi. Hujjat imzolash uchun prezidentga yuboriladi.
Senator Shuhrat Cho‘lliyev yaqinda o‘zboshimchalik bilan olib qo‘yilgan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni tan olish to‘g‘risida muhim qonun qabul qilingani haqida ma’lum qildi.
Ushbu hujjat aholi tomonidan kop yillar davomida egallab kelingan, lekin kadastr hujjatlari mavjud bo‘lmagan yer uchastkalari va obyektlarga bo‘lgan huquqlarni tan oldi.
— Bu, albatta, aholimizni anchadan beri qiynayotgan dolzarb muammoga yechim bo‘ladi. Biroq bu kelajakda yerlarni o‘zboshimchalik bilan tortib olish va keyinchalik ularni qonuniylashtirish maqsadida ularda inshootlar qurish mumkin degani emas", — dedi senator.
Xususan, yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartishlar kiritilmoqda, unga ko‘ra yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan olib qo‘yish bilan bog‘liq jinoyatlar prokuratura vakolatiga kiritiladi. Tizimda allaqachon yer masalalari bilan shug‘ullanadigan tuzilma mavjud. Shu vaqtgacha bunday jinoyatlarni nafaqat prokuratura, balki ichki ishlar organlari ham tergov qilishlari mumkin edi.
Senator Botir Matmurodovning ma’lum qilishicha, yer uchastkalariga oid qonunbuzarliklar Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganilganidan so‘ng ayrim hollarda aybdorlar javobgarlikka tortilgan, biroq ruxsat etilmagan yerlarni qaytarish, ulardagi binolarni buzish masalalari hal etilmagan. Sababi, Ichki ishlar boshqarmasi ushbu masalalar bo‘yicha sudlarga yig‘imsiz da’vo arizalarini kiritish huquqiga ega emas edi. Qolaversa, bunday ishlar bo‘yicha subyektlarning aksariyati davlat xizmatchilaridir, shuning uchun bu ishlar prokuratura vakolatiga kirishi maqsadga muvofiq, dedi u.
Shuhrat Cho‘lliyevning ta’kidlashicha, avvallari davlat organlari jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan olib qo‘yilgan yerlarni qaytarish bo‘yicha da’vo arizasi bilan chiqqan, biroq bu ish sudda ko‘rib chiqilgunga qadar o‘sha yer ustida noqonuniy inshootlar qurishga muvaffaq bo‘lishgan va hatto ular binoni buzish uchun kompensatsiya talab qilishgan.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 iyuldagi (467-son) qarori bilan tasdiqlangan O‘zboshimchalik bilan qurilgan binolarni aniqlash va buzishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, noqonuniy inshoot aniqlangandan keyin 15 kun ixtiyoriy ravishda buzish uchun muddat beriladi.
Ixtiyoriy ravishda buzish amalga oshirilmagan taqdirda, 2 kun muddatda hokimlik qoshidagi maxsus komissiyaga bildirishnoma taqdim etiladi, komissiya esa 3 kun ichida sudga da’vo arizasi beradi. Fuqarolik ishini sud muhokamasiga tayyorlash uchun 10 kun, uni sudda ko‘rib chiqish va hal qilish uchun 30 kun, hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirishi uchun esa 20 kun talab qilinadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, bitta noqonuniy binoni buzish to‘g‘risidagi qarorni Majburiy ijro byurosiga yetkazish uchun o‘rtacha 80 kun (2 oy 20 kun) vaqt ketadi.Ushbu muddatlarning uzunligi sud qarori qabul qilingunga qadar keyingi qurilish uchun sharoit yaratadi. Keyinchalik, bu, hatto dastlabki bosqichda noqonuniy qurilish aniqlangan bo‘lsa ham, uni bartaraf etishda qiyinchiliklarga olib keladi, deyiladi tushuntirish xatida.
Endilikda Iqtisodiy va Fuqarolik protsessual kodekslari o‘zboshimchalik bilan tortib olingan davlat yerlarini qaytarish va ulardagi binolarni buzish holatlarini soddalashtirilgan tartibda va qisqa muddatlarda ko‘rib chiqish imkonini beruvchi normalar bilan to‘ldirilmoqda. Sudlarda ortiqcha qog‘ozbozliklarning oldini olish uchun bunday hollarda arizaga ilova qilinadigan hujjatlar ro‘yxati alohida belgilanadi.
Shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari fuqarolik va iqtisodiy sudlarga yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi bilan bog‘liq da’vo ariza kiritishda davlat bojidan ozod etilishi belgilanmoqda.
Muhokama davomida Qonunning qabul qilinishi yer uchastkalariga nisbatan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligi oshishiga, jinoyatlar bo‘yicha yetkazilgan zararning o‘z vaqtida undirilishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.