Xorazm viloyatiga tashrifning birinchi kuni yakunida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Energetika vazirligi, "O`zkimyosanoat" AJ va yirik xorijiy investisiya kompaniyasi rahbariyati bilan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Xorazm viloyatida umumiy investisiya hajmi 10 milliard dollardan ziyod bo`lgan yirik gaz-kimyo loyihasini birgalikda amalga oshirish masalalari ko`rib chiqildi.
Bo`lajak quvvatlar yiliga 2,5 million tonna mahsulot ishlab chiqarishi va 3 ming ish o`rni yaratishi kutilmoqda. Loyihani amalga oshirish muddati - 2024-2028 yillar.
Loyiha gaz-kimyo tarmog`i rivojiga yangi sur`at bag`ishlaydi va Yangi O`zbekiston sanoatining flagmanlaridan biriga aylanadi.






