Ijtimoiy tarmoq sahifalarida Toshkent shahridagi 142-sonli maktabning 8-sinf o`quvchisi maktabga qalbaki qurol bilan kelgani aks etgan fotosurati va xabar tarqaldi.
Holat yuzasidan Toshkent shahar MMTB Matbuot xizmati rasmiy munosabat e`lon qildi.
Ma`lum qilinishicha, ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi quyidagilarni ma`lum qiladi. Haqiqatan Mirzo Ulug`bek tumanidagi 142-sonli umumta`lim maktabi 8-“B” sinf o`quvchisi I.A. tomonidan o`yinchoq to`pponchani o`z beliga qistirib, sinf doskasi oldida turgan holatidagi fotosuratini instagramm sahifasiga joylagan. Keyinchalik bu fotosurat boshqa ijtimoiy tarmoq sahifalarida tarqalib, ko`pchilikning muhokamasiga sabab bo`lgan.
Mazkur holatdan so`ng maktab ma`muriyati tomonidan “Oqqo`rg`on” MFY inspektori, ota-onalar ishtirokida yig`ilish o`tkazilgan. O`quvchining onasi holat yuzasidan Ma`muriy javobgarlik kodeksining 47-moddasiga asosan javobgarlikka tortilgan. O`quvchining o`yinchoq to`pponchasi mahalla inspektori tomonidan olib qo`yilgan.






