Chili sobiq prezidenti Sebastyan Pinera mamlakat janubidagi Los-Rios hududidagi Ranko ko`liga vertolyot qulashi oqibatida halok bo`ldi, deb yozadi La Nacion va BioBioChile.
BioBioChile ma`lumotlariga ko`ra, Robinson R66 bortida to`rt kishi bo`lgan: Pineraning o`zi va uning qarindoshlari. Halokatdan so`ng yo`lovchilar qirg`oqqa chiqishga muvaffaq bo`lishgan, biroq vertolyotni boshqarayotgan sobiq prezident xavfsizlik kamarini echa olmay, cho`kib ketgan. Qutqaruvchilar uning jasadini taxminan 40 metr chuqurlikdan topdilar.
Voqea sabablari hozircha noma`lum. BioBioChile ma`lumotlariga ko`ra, vertolyot havoga ko`tarilganidan bir necha daqiqa o`tib halokatga uchragan. Aytishlaricha, bu vaqtda yomg`ir yog`gan.
74 yoshli Sebastyan Pinera Chilini ikki marta boshqargan. U 2010-2014 va 2018-2022 yillarda prezident lavozimida ishlagan.






