Avval xabar berganimizdek, ayni vaqtda Shavkat Mirziyoev raisligida ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tmoqda. Yig`ilishda aytilishicha, O`zbekistonda maktablaridagi inspektor-psixologlar shtati IIVdan Milliy gvardiya tizimiga o`tkaziladi.
Yig`ilishda maktablarda og`riqli masalalardan biri, bu tarbiya va ma`naviyat ekani qayd etildi. O`tgan yili voyaga etmaganlar 3,5 mingta jinoyat sodir etgan. Shundan 2 ming 280 nafarini maktab o`quvchilari tashkil qiladi.
“So`rov maktab direktoridan bo`lyapti, lekin Bolalar masalalari bo`yicha milliy komissiyaga mas`ul hokimlar har hafta bitta maktabga borib, o`quvchilarning sharoiti va tarbiyasi bilan shug`ullanmayapti”, — degan davlat rahbari.
Shu munosabat bilan maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o`tkazilishi belgilandi.
O`quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarlikka qarshi immunitet” yaratish bo`yicha tizim qilish zarurligi ta`kidlandi.
O`quvchilarning bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazish va kasbga yo`naltirish, tarbiyasi va o`qishida muammo bo`lgan o`quvchilarning ota-onalari va mahalla faollari bilan birga ishlab, muammolarni echishga qaratilgan aniq choralarni ko`rish muhimligi qayd etildi.
Mahalla raislari har oy maktablarda ota-onalar bilan uchrashib, mahalla va maktabdagi muhitni muhokama qilishi maqsadga muvofiq ekani ko`rsatib o`tildi.
Maktablarda taniqli shoir va yozuvchilar, sportchilar, faxriylar, jamiyatda obro`ga ega insonlar bilan uchrashuvlarni ko`paytirish lozimligi aytildi. Bolalar tarbiyasini yaxshilashga, ota-onalar dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladigan milliy kontentni mahalla va ta`lim muassasalariga etkazib turish topshirildi.






