Bugungi kunda mehnat migrasiyasi geografiyasi kengaytirilmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi boshlig`i o`rinbosari Hojiakbar Fayzullaxo`jaev “Daryo” nashriga bergan intervyusida aytib o`tdi.
Uning so`zlariga ko`ra, bugungi kunda Evropaning iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlari, Angliya, Germaniya, Latviya, Litva, Ruminiya, Polsha mamlakatlari bo`sh ish o`rinlari taklif qilyapti. Shu bilan birga, Osiyodan Saudiya Arabistoni, Qatar, Yaponiya kabi davlatlardan ham takliflar bo`lmoqda.
“Yaqinda Kanadaning O`zbekistondagi elchisi bilan ham rahbariyatimiz muzokara o`tkazdi. Kanadaga ham qurilish sohasida fuqarolarimizni jalb qilish taklifi bo`lyapti”, – deydi mutaxassis.
Agentlik rahbari o`rinbosarining ta`kidlashicha, bugungi kunda o`zbekistonlik fuqarolar asosan qurilish, xizmat ko`rsatish, tibbiyot, qishloq xo`jaligi yo`nalishlarida ish taklif qilinmoqda. Shuningdek, Evropada yuk tashish, ya`ni logistika yo`nalishlarida ham ko`plab vakansiyalar kelib tushyapti.
Hojiakbar Fayzullaxo`jaev taklif qilinayotgan maoshlar xususida ham gapirib o`tdi.
“Germaniyada 2000–2500 evro, Koreyada 2000 dollar, Yaponiyada 1500 dollardan boshlanyapti. Oyliklari fuqarolarimizni qiziqtiryapti, ular shu tanlovlarda ro`yxatdan o`tishmoqda”, – deydi u.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi boshlig`i o`rinbosarining aytishicha, ish beruvchi bilan shartnoma tuzilayotganda xodimning ma`naviy, ruhiy holatiga ta`sir o`tkazmaydigan jihatlar ham ko`rsatiladi.
“Hattoki, milliy bayramlarimiz nishonlanadigan sanalar ham ko`rsatiladi. Bu borada ish beruvchilarga majburiyat ham qo`yamiz, o`sha kunlari ma`lum diasporani chaqirib bayram qilish bo`yicha. Bu borada O`zbekistonning o`sha mamlakatdagi vakolatxona va elchixona vakillari qatnashadi”, – deya qo`shimcha qiladi Hojiakbar Fayzullaxo`jaev.






