2024 yilda O`zbekistonda nodavlat va xorijiy oliy ta`lim tashkilotlarida davlat granti uchun ajratiladigan kvotalar soni oshiriladi. Bu haqda Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi xabar berdi.
Vazirlikka ko`ra, nodavlat va xorijiy oliy ta`lim muassasalarida kunduzgi ta`lim shakli uchun ajratiladigan davlat granti miqdorini bu yil 1 ming 200 taga etkazish rejalashtirilgan. Bu shu vaqtgacha har yili nodavlat OTMlar uchun ajratilib kelingan mingta kvotaga solishtirganda 20 foizga ko`p.
Ushbu o`zgarish 2024 yilga mo`ljallangan davlat dasturining amaliy tadbirlar rejasi 7-maqsad 13-bandida keltirib o`tilgan. Hozirda ushbu dastur loyihasi muhokama uchun tarmoqqa joylangan.
Ma`lumot uchun, oliy ta`lim muassasalarining qo`shma ta`lim dasturlari asosida tahsil olayotgan, respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta`lim muassasalarining filiallari va nodavlat OTMlarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun stipendiyalarni tayinlash tartibi Vazirlar Mahkamasining 226-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiriladi. Stipendiya sohiblariga belgilangan miqdordagi stipendiya ularning davlat granti yoki to`lov-kontrakt asosida ta`lim olayotganidan qat`iy nazar tayinlanadi va to`lanadi.






