Buxoro viloyati Romitan tumanida yashovchi 30 yoshli ayol o`zgalarga qasddan OIV infeksiyasi yuqtirgani aniqlandi. Bu haqda Buxoro IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, R.N. 2019 yilning 18 noyabrdan Buxoro viloyati OITSga qarshi kurashish markazi tomonidan OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxs sifatida ro`yxatga olinib, Jinoyat kodeksining 113-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi to`g`risida ogohlantirilgan.
Shunga qaramay, 2023 yilning mayida Shofirkon tumanida yashovchi S.H. (1997 yilda tug`ilgan), B.O. (1988 yilda tug`ilgan) va I.I. (1992 yilda tug`ilgan) bilan Buxoro shahrining turli manzillarida himoya vositasiz jinsiy aloqada bo`lib, o`zida OIV kasalligi borligini bila turib, jabrlanuvchilarga OIV infeksiyasini yuqtirish xavf ostida qoldirgan.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB tomonidan Jinoyat kodeksining 113-moddasi 4-qismi (o`zida tanosil kasalligi borligini bila turib, bu kasalni boshqa shaxsga yuqtirish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirgi kunda ushbu engil tabiatli ayoldan jabrlanish bilan bog`liq boshqa holatlarni aniqlashga qaratilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






