Xitoyning “PowerChina International Group Limited” kompaniyasi Andijon viloyatida quvvati 400 MVt bo`lgan quyosh fotoelektr stansiyasini quradi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.
Joriy yilning may oyida Xitoy Xalq Respublikasiga Oliy darajadagi tashrif doirasida Energetika vazirligi bilan kompaniyasi o`rtasida Andijon viloyatining Andijon tumanida quvvati 400 MVt bo`lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo`yicha “Anglashuv memorandumi” imzolangan.
Shunga asosan, Energetika vazirligi, Andijon viloyati hokimiyati va Xitoy kompaniyasi o`rtasida loyihani amalga oshirishning asosiy shartlarini belgilovchi shartnomasi imzolandi. Mazkur shartnomaga muvofiq quyidagi ishlar ro`yobga chiqariladi:
- loyiha doirasida joriy yilning sentyabr oyida qurilish ishlari boshlanishi, quyosh fotoelektr stansiyasining dastlabki 100 MVt quvvati 2024 yil 1 aprelga qadar va to`liq quvvati 2024 yil 30 noyabrga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan;
- mazkur quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushgandan so`ng yiliga 700 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 212 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi va atmosferaga 294 ming tonna zararli issiqxona gazlarining chiqishi oldi olinadi.
Ta`kidlash kerakki, ushbu loyiha uchun qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirishda foydalanilmaydigan er maydonlari tanlangan.
Ma`lumot uchun: “PowerChina International Group Limited” kompaniyasi 2016-yilda “Power Construction Corporation of China” tomonidan xalqaro loyihalar uchun tashkil etilgan. “PowerChina International Group Limited” bugungi kunga qadar umumiy 200 GVt quvvatga ega loyihalarni amalga oshirgan. Kompaniya 2019-yilda 50,5 mlrd AQSh dollari, 2020 yilda 58,2 mlrd AQSh dollari va 2021-yilda 69,5 mlrd AQSh dollari miqdorida aylanma mablag`larga ega bo`lgan.
O`zbekiston Respublikasi






