"Fitch ratings" xalqaro reyting agentligi “O`zagrosug`urta” AJ va uning ta`sisligidagi “Agros Hayot sug`urta kompaniyasi” AJning moliyaviy barqarorlik reytingini “BB- ” (“Barqaror” prognozi) darajasida tasdiqladi.
Ushbu reyting ko`rsatkichi kompaniya zimmasiga olgan majburiyatlarni o`z vaqtida bajarilishi kafolatini, yuqori salohiyatli investorlar uchun ishonchlilik darajasini belgilaydi. Bu esa xorijiy investorlar va mahalliy aholining “O`zagrosug`urta” AJ tomonidan ko`rsatiladigan sug`urta xizmatlariga ishonchini yanada mustahkamlashning muhim indikatori hisoblanadi.
"Fitch ratings" hisobotida, mazkur reyting “O`zagrosug`urta” AJ davlat tasarrufida ekanligini hamda uning mamlakat agrosanoat majmuasidagi muhim tizimli roli mavjudligini ifodalashi ta`kidlangan.
“O`zagrosug`urta” AJning mustaqil kredit sifati uning kapital holati yaxshilanganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, hisobotda “O`zagrosug`urta” AJning 94,6 foiz ulushi O`zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli bo`lib, 2023 yil oxiriga qadar jamiyat aksiyalarining 2 foizi Hukumat tomonidan birlamchi ommaviy joylashtirish yo`li orqali sotuvga qo`yilishi rejalashtirilgani qayd etilgan.
Ta`kidlash joizki, “O`zagrosug`urta” AJning kapital pozisiyasi “Fitch”ning prizma omillariga (FBM) asoslangan modeli yordamida baholanganda, 2021 yildagi “adekvat” ko`rsatkichdan 2022 yilda “kuchli” darajaga yaxshilangan.
“O`zagrosug`urta” AJning investisiya faoliyati tahlil qilingan bo`lib, unga ko`ra Jamiyat investisiya mablag`larini asosan bank depozitlariga, xususan ko`plab mahalliy davlat banklariga joylashtirganligi qayd etilgan, bu ko`rsatkich esa o`z navbatida 2022 yil yakuniga ko`ra Jamiyat tomonidan investisiyaga yo`naltirilgan aktivlarning 66 foizini tashkil etmoqda.
Umuman olganda, "Fitch ratings" Jamiyatning qishloq xo`jaligi sug`urtasidagi tizimli roli sababli Davlat tomonidan “O`zagrosug`urta” AJ ustidan nazorat saqlab qolinishini ma`lum qilgan.






