Mashhur fransuz ekstremal sportchi Gonkongdagi turar-joy binosining 68-qavatidan qulab vafot etdi.
30 yoshli Remi Lucidi, soat 18:00da Gonkongdagi Tregunter Tower binosi qo`riqchiga 40-qavatda yashayotgan do`stinikiga kelganligini ma`lum qiladi.
Qo`riqchi kvartira ijarachi bilan bog`langanda, u Lucidini tanimasligini aytadi.
Kuzatuv kameralarida ekstremal sportchining 49-qavatdagi liftdan chiqib, bino tomiga chiqayotgani aks etgan. Soqchilar tepaga ko`tarilganlarida Lucidi allaqachon tomga chiqib olgan.
Polisiyaning aytishicha, erkak oxirgi marta soat 19:38 da penthaus derazasining tashqi tomonidan taqillatib, xizmatchini cho`chitib yuborgan. Xizmatchi qo`riqchini chaqirgan.
Taxmin qilishlaricha Lucidi tuzoqqa tushib qolgan va yordam so`rab derazani taqillatgan. Shundan so`ng u balandlikdan yiqilib, voqea joyida vafot etgan. Polisiya Lucidining ekstremal tryuklari yozib olingan kamerasini topgan.
Lucidi dunyoning turli burchaklarida, masalan, Bolgariya, Portugaliya, Fransiya, Ukraina va Dubaydagi osmono`par binolarning eng baland cho`qqilariga chiqish kabi xavfli tryuklarni amalga oshirgan.






