Transport vazirligi hamda "Toshshahartransxizmat" AJ vakillaridan iborat delegasiya19-26 iyul kunlari Xitoyda xizmat safarida bo`ldi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, safar davomida "Yutong Bus Co., Ltd" "King Long", "Magnetic North", "Hikvision" kompaniyalariga tashrif amalga oshirilgan hamda bir qator yo`nalishlarda hamkorlik qilish masalalari yuzasidan muzokaralar o`tkazilgan.
Xususan, "Yutong Bus Co., Ltd" kompaniyasi bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida uch tomonlama memorandum imzolandi. Shu bilan birga, tomonlar haydovchisiz harakatlanadigan avtonom transport vositalari sohasida o`zaro hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.
Shuningdek, "Hikvision" kompaniyasi vakillari bilan bo`lib o`tgan muzokaralar yakuniga ko`ra, innovasion videokuzatuv tizimlari va sun`iy intellekt texnologiyasiga asoslangan integrasiyalashgan xavfsizlik echimlarini taqdim etish bo`yicha "Toshshahartransxizmat" AJ bilan ikki tomonlama memorandum imzolandi.
Bundan tashqari, "Magnetic North"kompaniyasi bilan aqlli transport tizimini yo`lga qo`yish masalalarida hamkorlikda ishlashga kelishib olindi. Xususan, kompaniya bilan O`zbekistonning intellektual transporti bo`yicha to`liq echimlarni taqdim etish, jumladan, ishlab chiqish, loyihalash, o`rnatish, ishga tushirish, o`qitish, texnik xizmat ko`rsatish va takomillashtirish bo`yicha ikki tomonlama memorandum imzolandi.






