AsosiyJamiyat

Farg`ona hayvonot bog`i kengaytiriladi

'Farg`ona hayvonot bog`i kengaytiriladi'ning rasmi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Farg`ona hayvonot bog`iga tashrif buyurib, bog`da yaratilgan shart-sharoitlar va muammolarni o`rgandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda. 

“Hayvonot bog`idagi jonivorlarning sog`lom o`sishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishimiz kerak, — dedi A. Abduhakimov. — Bu o`z navbatida noyob va ekzotik hayvonlar turi ko`payishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, hayvonot bog`iga tashrif buyuruvchi sayyohlarning ham soni ortadi”.

Vazir hayvonot bog`ini ko`zdan kechirarkan, yangi hayvonlarni olib kelish uchun maydon etarli emasligini ta`kidladi. Shuningdek, yirtqich va tuyoqli hayvonlar volerlari oralig`i juda yaqin ekanligini, bu esa tuyoqli hayvonlarda qo`rquv hissini kuchaytirishi va stressga sabab bo`lishini aytib o`tdi.

Muammolarni bartaraf etish uchun hayvonlar bosh soni ko`payayotganini inobatga olib, yirtqich va tuyoqli hayvonlarga qo`shimcha kattaroq yangi volerlar qurish taklif qilindi. Qolaversa, bog` hududida noyob va ekzotik hayvonlar turini ko`paytirish maqsadida hayvonot bog`ining orqa qismida joylashgan "Elektrtarmoqqurilish" AJga qarashli bo`lgan 1 gektar er maydoni va bog`ning o`ng tomonidan o`tuvchi tashlama kanalni bog` hududiga qo`shish choralarini ko`rish vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, vazir Farg`ona hayvonot bog`ida hayvonlarga sifatli ozuqa etkazib berish maqsadida laboratoriya xonasi tashkil qilish kerakligini qayd etdi.

Ma`lumot uchun, “Farg`ona hayvonot bog`i” 2016 yilning 16 dekabrida tashkil etilgan. Umumiy er maydoni 3,2 gektarga teng bo`lib, 105 turdagi hayvonlar va 274 dona qushni uchratish mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar