BMTning Afg`oniston bo`yicha maxsus vakili o`rinbosari Markus Potselning aytishicha, agar ayollarning ta`lim olishi va ularning xalqaro nohukumat tashkilotlari, milliy nodavlat notijorat tashkilotlari va BMT tashkilotlari uchun ishlashi masalasi hal etilsa, Afg`oniston xalqaro hamjamiyatga qo`shilishi mumkin.
BMTda so`zlagan Potsel o`z nutqida ayollar jamiyatda ishtirok etish huquqiga ega ekanligini ta`kidlab, Tolibonni xalqaro majburiyatlarini bajarishga, jumladan, o`z aholisi uchun ta`lim olish va mehnat qilish huquqlarini ta`minlashga chaqirdi. BMTning Afg`oniston bo`yicha maxsus vakili o`rinbosari Tolibondan ayollarga qo`yilgan cheklovlarni imkon qadar tezroq olib tashlashni so`radi. “Aks holda Afg`onistonning xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlariga doim soya bo`ladi”, - deydi u.
Potsel shunday dedi: “O`ylaymanki, Afg`onistondagi amaldagi hokimiyat qizlarning oltinchi sinfdan keyin maktabga borishiga ruxsat berishi kerak. Ular qizlarni universitetga kirishiga ruxsat berishlari kerak. Ular ayollarga xalqaro, milliy va BMT tashkilotlarida ishlash, jamoat hayotida qatnashish imkonini berishi kerak. Agar shunday bo`ladigan bo`lsa, Afg`oniston yana xalqaro hamjamiyatga qo`shilishi va xalqaro donorlar ham Afg`oniston bilan hamkorlikni yana bir bor o`ylab ko`rishini va ehtimol, kuchaytirishini tasavvur qila olaman”.
Siyosatshunoslarga ko`ra, Afg`oniston xalqaro hamjamiyatning qonuniy talablariga qo`shilish orqali o`zining siyosiy yakkalanishidan qutulishi mumkin.
Tolibon avvalroq Afg`onistondagi ayollar muammosi mamlakatning ichki muammosi ekani, bunga boshqa muassasa va davlatlar aralashmasligi kerakligini ta`kidlagan edi.






