Kecha, 27 iyul kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudida hukumat tanqidchisi, “Ko’zgu” kanali muallifi Abduqodir Mo`minov ishi bo`yicha ikkinchi sud majlisi bo`lib o`tdi. Cudda Darakchi.uz muxbiri ham ishtirok etdi.
Sud jarayoni avvalida sudya tomonlardan sud tarkibiga e`tirozi bor yoki yo`qligini so`radi.
Shundan so`ng jabrlanuvchilar va guvohlar tinglandi. Sud davomida jami 6 ta ish bo`yicha 8 nafar jabrlanuvchi va 5 nafar guvoh so`zga chiqdi.
Abduqodir Mo`minov ayrim guvohlarni tanimasligini aytib, jabrlanuvchilardan shartnoma asosida pul olganini qisman tan oldi.
Jabrlanuvchilar orasidan birinchi bo`lib minbarga chiqqan jizzaxlik fuqaro g`isht zavodi bilan bog`liq material uchun 3800 AQSh dollari talab qilib olganini bildirdi. Unga javoban A.Mo`minov "3800 emas, 600 AQSh dollari olganman, Qur`on bo`lsa, ushlab gapirsin" dedi. Jabrlanuvchi iddaosicha, material YoTube'da e`lon qilingan, biroq 10 kundan keyin o`chirilgan. "Pulimni olib, nega materialni o`chirdi", deydi jabrlanuvchi.
Ma`lumot o`rnida, o`tgan sud majlisida jabrlanuvchi ekanini aytgan Zomin davlat qo`riqxonasi direktori o`rinbosari A.T. bloger qo`riqxona faoliyatiga oid tanqidiy videoni internetda chiqarmaslik uchun 45 ming dollar so`raganini aytgan edi. Abduqodir Mo`minov, bu ayblovni ham rad etgan.
Sud majlisida Jinoyat kodeksining 189-moddasi (Savdo yoki xizmat ko`rsatish qoidalarini buzish) 1-qismida ko`rsatilgan jinoyat ishi yuzasidan soliq xodimi ham chaqirtirildi. Unda Davlat soliq qo`mitasi tomonidan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalari ham ochiqlandi. Unga ko`ra, bloger yirik miqdordagi pullarni tushum qilmagani, korxonaning aylanmadan olinadigan soliqdan 2021 yil bo`yicha 2 milliondan ortiq pul mablag`lari qo`shib hisoblangani hamda nazorat kassa apparatining xotirasiga kirim qilmaganini ta`kidladi. Qo`mita xodimi bloger tomonidan fuqarolardan olingan pul mablag`larining ham aniq summasini keltirib o`tdi.
Sud davomida, prokuror, advokat va ayblanuvchi so`zlari tinglandi. Shundan so`ng sud 1 avgustgacha tanaffus e`lon qildi.
Eslatib o`tamiz, 25 iyul kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudida tovlamachilik, firibgarlikda ayblanayotgan jurnalist va bloger Abduqodir Mo`minov ishi bo`yicha sud ishi boshlangan edi. Unda
Abduqodir Mo`minov Jinoyat kodeksining:
•141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari;
•165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi;
•168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlari, 4-qismi “a” bandi;
•189-moddasi (savdo yoki xizmat ko`rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi;
•28, 211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.






