AsosiyJamiyat

Buxoroda birinchi yirik quvvatli shamol turbinasi o`rnatildi

'Buxoroda birinchi yirik quvvatli shamol turbinasi o`rnatildi'ning rasmi

Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatining Peshku va G`ijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 MVtdan bo`lgan 2 ta (jami 1000 MVt) shamol elektr stansiyasi qurilmoqda. Mazkur loyiha doirasida kecha, 25 iyul kuni “Envision” kompaniyasining (Xitoy) birinchi 6,5 MVt quvvatli turbinasi o`rnatildi. Turbina minorasining balandligi 100 metr, shamol parraklarining har biri esa 84 metrni tashkil qiladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi. 

Ma`lum qilinishicha, ushbu yirik loyiha doirasida jami 158 ta mana shunday shamol turbinalari o`rnatiladi.  

Mazkur elektr stansiyalarining ilk quvvatlari 2024 yilda ishga tushiriladi.

Stansiyalar to`liq ishga tushirilgach, yiliga 3 mlrd 600 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida yiliga 1 mlrd 100 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 1 mln 500 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.

Loyiha doirasida uzunligi 260 km bo`lgan 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 2 ta 500 kV kuchlanishli ochiq taqsimlash qurilmalari quriladi. Mazkur elektr uzatish tarmoqlari energetika tizimining shimoli-g`arbiy (Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyati) hamda janubi-g`arbiy (Buxoro va Navoiy viloyatlari) qismlarining bog`lanishini mustahkamlaydi.

    Boshqa yangiliklar